2022-yildan beri Yevropa kutubxonalaridan XIX asr rus yozuvchilarining 170 dan ortiq nodir kitoblari, asosan, Aleksandr Pushkinning birinchi va ilk asarlari g‘oyib bo‘lmoqda, deb yozadi The New York Times (NYT) Yevropol ma’lumotlariga tayanib.

O‘g‘irlangan kitoblarning umumiy qiymati 2,6 million dollardan oshadi, ularning har biri narxi o‘nlab va yuz minglab dollarlarni tashkil qiladi. Rigadagi Latviya milliy kutubxonasi, Vilnyus universiteti kutubxonasi, Berlin davlat kutubxonasi, Myunxendagi Bavariya davlat kutubxonasi, Xelsinkidagi Finlyandiya Milliy kutubxonasi, Fransiya Milliy kutubxonasi, shuningdek, Parij, Lion va Jenevadagi universitet kutubxonalaridan kitoblar o‘g‘irlangan. Varshava universiteti kutubxonasi eng ko‘p zarar ko‘rdi: 78 ta kitob yo‘qolgan.

O‘tgan yili Fransiya Milliy kutubxonasida o‘g‘rilar nodir kitoblar xonasidan Pushkinning sakkizta va Lermontovning bitta kitobini o‘g‘irlab ketgan. Ularning taxminiy qiymati 650 ming yevro (696,5 ming dollar). NYT`ning ta’kidlashicha, bu yaqin tarixda kutubxonada sodir etilgan eng yirik o‘g‘irliklardan biridir.

Aksariyat hollarda o‘g‘irlangan asl kitoblar yuqori sifatli nusxalar bilan almashtirib ketilgan, ular hatto eski qog‘ozdagi jigarrang dog‘larni ham o‘xshatib ketishgan — bu “oldingan o‘ylangan operatsiya” belgisidir, deya ta’kidlaydi nashr. Mutaxassislarga ko‘ra, ko‘plab mamlakatlardan bir xil turdagi kitoblarning qisqa vaqt ichida yo‘qolishi misli ko‘rilmagan hodisadir. Ushbu o‘g‘irliklar kutubxonalarni xavfsizlik choralarini kuchaytirishga va dilerlarni rus kitoblarining kelib chiqishini diqqat bilan kuzatishga undadi.

NYT Estoniyadagi Tartu universiteti kutubxonasida sodir bo‘lgan o‘g‘rilik holatlaridan birini tasvirlab berdi. 2022-yil aprel oyida — Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan ko‘p o‘tmay — u yerga o‘zlarini ukrainalik qochqinlar deb tanishtirgan ikki kishi borgan. Ular o‘zlarini amaki va jiyan deb tanishtirib, Aleksandr Pushkin va Nikolay Gogol kitoblarining ilk nashrlarini so‘ragan. Erkaklar rus tilida gaplashib, jiyani AQShga stipendiya olishga ariza topshirishi uchun chor Rossiyasidagi senzurani tadqiq qilishayotganini aytgan. Kutubxonachilar yordam berishga rozi bo‘lgan. Erkaklar 10 kun davomida kitoblarni o‘rgangan. Oradan to‘rt oy o‘tib, kitoblarni rejali tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish chog‘ida ular so‘rab murojaat qilgan sakkizta kitob g‘oyib bo‘lib, o‘rniga sifatli faksimile nusxalari qo‘yilgani ma’lum bo‘lgan.

Rasmiylar, kutubxonachilar va nodir rus kitoblari bo‘yicha mutaxassislar o‘g‘rilarni “kattaroq baliqlar nomidan harakat qiladigan kichik baliqlar”, deb hisoblashadi, deb yozadi gazeta. Ammo o‘g‘irliklar ortida kim turgani va nima uchun o‘g‘irlashayotgani ochiq qolmoqda, deya ta’kidlaydi nashr.

So‘nggi yillarda rus klassikasining dastlabki namunalari G‘arb auksionlarida besh va olti raqamli summalarda sotilgan, deya ta’kidladi NYT. Mutaxassislarning aytishicha, bugungi kunda Rossiyada bunday kitoblar savdosi ularning “ulkan madaniy va vatanparvarlik qiymati” tufayli o‘smoqda. Fransiya hukumati, shuningdek, davlat tomonidan ruxsat etilgan “Rossiya xazinalarini Rossiyaga olib kelish” urinishini istisno qilmaydi.

Yevropol ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘rilikda gumon qilinib, to‘qqiz kishi qo‘lga olingan — ularning barchasi Gruziya fuqarolari sanaladi. To‘rt kishi aprel oyi oxirida Gruziyada 150 dan ortiq kitob bilan qo‘lga olingan. Noyabr oyida fransuz politsiyasi uch nafar gumonlanuvchini hibsga olgandi. Yana bir kishi Estoniyada qo‘lga tushgan, yana bir gumonlanuvchi esa Litvada hibsda saqlanmoqda.

Yevropa bo‘ylab kitob o‘g‘irlanishi bo‘yicha “Pushkin operatsiyasi” deb nomlangan tergov Fransiya politsiyasining madaniy boyliklarni o‘g‘irlashga qarshi kurash bo‘yicha maxsus bo‘linmasi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda. Huquq-tartibot idoralari xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘riliklar bilan ba’zilari qarindosh bo‘lgan odamlardan iborat tarmoq shug‘ullangan. Nodir rus kitoblarini izlab, bu odamlar kutubxona kartalari (ba’zan to‘qilgan ismlar bilan) bilan avtobuslarda Yevropa bo‘ylab sayohat qilgan va asl kitoblar o‘rnini bosadigan yuqori sifatli nusxalarni yaratgan.

Pushkin, Gogol va Mixail Lermontovning o‘lmas asarlari narxi so‘nggi 20 yil ichida keskin ko‘tarildi, deya xabar beradi gazeta dilerlari. Xususan, “Yevgeniy Onegin”ning asl qadoqdagi ba’zi boblaridan iborat ilk nashri 2019-yilda Christie’s auksionida 467 funt (581 ming dollar)dan ko‘proqqa sotilgan.

Ukraina bosqinidan keyin Rossiyaga qarshi kiritilgan G‘arb sanksiyalari G‘arbdagi dilerlarga rossiyaliklarga kitob sotishni taqiqlaydi, bu esa nodir kitoblar uchun mavjud yashirin bozorni kuchaytiradi, deya qayd etadi NYT.

Gazeta suhbatlashgan dilerlarga ko‘ra, Yevropa kutubxonalaridan o‘g‘irlangan kitoblar G‘arbdagi rasmiy auksionlarda paydo bo‘lishi dargumon — ularning ko‘pi allaqachon Antikvar kitoblar sotuvchilari xalqaro ligasining yo‘qolgan kitoblar reyestriga kiritilgan.

Ammo londonlik diler Per-Iv Giymning so‘zlariga ko‘ra, bular Rossiyadagi eng mashhur kitoblar bo‘lib, “nafaqat tajribali kolleksionerlar, balki „sovrin sifatidagi buyumlarini istaganlar“ uchun ham jozibador bo‘lishi mumkin”.

Yevropol ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘irlangan kitoblarning bir qismi allaqachon Moskva va Sankt-Peterburgdagi auksion uylari tomonidan sotib bo‘lingan, “ularni endi qaytarib bo‘lmaydi”. Idora tergov davom etayotganiga asoslanib, gap qaysi kitoblar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi.